TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda oilali ayollar uchun ertalab ishga bir soat kechroq kelish va ish vaqtidan bir soat vaqtliroq ketishni rasmiylashtirish kerak. Bunday taklif Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, deputat Alisher Qodirov tomonidan bildirildi.
Deputatning fikricha, bog‘chadan farzandini vaqtida olishiga vazifasi xalaqit berayotgan ayollarga ish vaqtini qisqartirish juda yaxshi, lekin bu masalaning yarmi.
Alisher Qodirov
© Sputnik
“Ayol xodimning ish samaradorligi sezilarli oshadi, oilada muhit o‘zgaradi. Qolaversa, natija ko‘p ishlash emas, samarali ishlashning hosili ekanini hamma tan olmasa ham, juda yaxshi biladi”, deb yozadi deputat telegram sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq navbatdan tashqari ta’til e’lon qilingani munosabati bilan maktabgacha ta’lim yoshidagi (3-7 yoshli) bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarning ish vaqti qisqartirilishi ma’lum qilingandi. Ularga oylik to‘lovlar kamaytirilmasdan to‘lab beriladi.