Respublikaning ikkita hududida tibbiy sug‘urta tizimi joriy etiladi

2023 yildan boshlab, Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tibbiy sug‘urta tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Sputnik
TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Respublikaning ikkita hududida tibbiy sug‘urta tizimi joriy etiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2023-yildan boshlab, Toshkent shahri va Navoiy viloyatida tibbiy sug‘urta tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun bir oy muddatda tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish bo‘yicha qaror ishlab chiqiladi.
Toshkent shahridagi 72 ta poliklinika va 40 ta shifoxonani kompyuter jihozlari, zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlashga 30 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Poytaxtda 1-iyuldan tibbiy sug‘urta tizimi mexanizmlari joriy etiladi.Bunda tibbiyot muassasalari to‘liq raqamlashtiriladi hamda har bir bemor qachon, qayerda va qanday davolanishi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, mamlakatda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga shoshilinch tibbiy yordam, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam va tez tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga rejali tibbiy yordam O‘zbekiston SSV bilan kelishgan holda davolash muassasasi tomonidan tasdiqlanadigan tariflar asosida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab mehnat migrantlariga majburiy tibbiy sug‘urta polisi (OMS) rasmiylashtirish huquqi berilishi ma’lum qilingandi.
Fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ishga qabul qilingan chet el fuqarolariga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va onalik ta’tili munosabati bilan majburiy tibbiy sug‘urta (OMS) bo‘yicha kafolatlar taqdim etiladi.