Putin pravoslavlar bayrami sabab 36 soatga o‘t ochishni to‘xtatishni buyurdi

Pravoslavlikni tan olgan ko‘plab fuqarolar jangovar hududlarda istiqomat qilishadi, shuning uchun Rossiya Ukrainani sulhga qo‘shilishga chaqirdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoyguga Ukrainada 6-yanvar soat 12:00 dan 7-yanvar soat 24:00 gacha o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish haqida topshiriq berdi, deb xabar berdi Kreml matbuot xizmati.
“Patriarx Kirillning murojaatini inobatga olib, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziriga 6-yanvar soat 12:00 dan 7-yanvar soat 24:00 gacha Ukrainadagi tomonlar o‘rtasidagi barcha to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni buyuraman”, - deyiladi bayonotda.
Kremlning ta’kidlashicha, pravoslavlikni tan olgan ko‘plab fuqarolar jangovar hududlarda istiqomat qilishadi, shuning uchun Rossiya Ukraina tomonini ularga “Rojdestvo arafasida, shuningdek, Masihning tug‘ilgan kuni marosimlarida qatnashish” imkoniyatini berishga chaqiradi.
Payshanba kuni ertalab Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill “Pravoslavlar Rojdestvo arafasida va Masihning tug‘ilgan kunidagi marosimlarda qatnashishlari uchun” Rojdestvo sulhiga chaqirgandi.