FVV qutqaruvchilari tog‘da soyga tushib ketgan fuqaroni qutqarib qolishdi

Bo‘stonliq tumanidagi tog‘larga dam olish maqsadida kelgan shaxslarning biri oyog‘i sirpanib soyga tushib ketdi - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan tog‘da soyga tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha soat 14:30 da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Tezkor boshqaruv markaziga bir guruh fuqarolar tomonidan tashvishli xabar kelib tushgan.
Unga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanidagi tog‘larga dam olish maqsadida kelgan shaxslarning biri oyog‘i sirpanib soyga tushib ketgan.
Zudlik bilan aytilgan manzilga Chimon yong‘in-qutqaruv otradi qutqaruvchilari yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Qutqaruvchilarning sa’y harakatlari natijasida soyda qolib ketgan fuqaro qutqarib qolingan va sog‘-salomat pastga olib tushilgan.
Eslatib o‘tamiz, 3-yanvar kuni tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti qor yog‘ishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, qor ko‘chishi xavfi ham e’lon qilingan.