TOShKENT, 3 yanv - Sputnik. O‘tgan 2022-yilda O‘zbekistonga qancha miqdorda investitsiyalar kirib kelgani haqida Sputnik muxbiri xabar beradi.
“Investitsiya – iqtisodiyot drayveri sanaladi. Mamlakat siyosatining ajralmas qismi bugungi kunda investitsiyalarga bog‘liq bo‘lib qoldi. So‘nggi 6 oyda investitsiya hajmini YaIMning 30 foizidan oshirishga erishildi”, dedi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mutaxassisi Shohrasul Shoha’zimiy.
O‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonga jami 240 trln so‘m investitsiyalar jalb qilingan, shulardan 8 mlrd dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib kelgan va eksport miqdori 19 milliard dollarni tashkil etadi.
Investitsiya kiritilgan davlatlar Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus, MDH, Yevropa mamlakatlari va boshqalar.
“O‘tgan 2022-yilda “Yangi O‘zbekiston raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi doirasida 2000 ga yaqin tadbirkorlar ilk bor tashqi bozorlarga chiqdi. Bunda to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, oziq ovqat va boshqa tarmoqlarda faol ishbilarmonlarning mahsulotlari jahon bozorlarini egalladi”, dedi mutaxassis.
Davlat investitsiya dasturi doirasida 3,7 mlrd dollarlik 158 ta yirik loyihalar ishga tushdi va mamlakatda 25 000 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Mazkur loyihalarning ko‘pchiligi energetika va tog‘-kon metallurgiya sanoati, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Endilikda 2023-yilda 30 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilgan, uning 25 milliard dollari xususiy investitsiyalar bo‘ladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan 3000 dan ortiq loyihalar ishga tushirilishi maqsad qilingan. Yangi loyihalarga investitsiya kiritilib, ishga tushishi bilan yangi ish o‘rinlari yaratiladi hamda tarmoqlar rivojlantiriladi.