TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. Buxoro – Toshkent yo‘nalishidagi “Afrosiyob” tezurar poyezdi nosozlik sabab Chinozda to‘xtab qoldi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, kecha, 1-yanvar kuni Buxoro – Toshkent yo‘nalishidagi 769-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harkatlanuvchi elektropoyezdi elektr kuchlanishli sim tarmog‘idagi nosozlik sababli Yangi Chinoz – Chinoz peregon oralig‘ida to‘xtab qolgan.
“Yo‘lovchilarni manzilga xavfsiz yetkazib kelish maqsadida 20:35 da Toshkent Shimoliy vokzalidan zaxira “Afrosiyob” elektrpoyezdi jo‘natildi va ushbu poyezd Chinoz bekatiga 21:05 da yetib bordi, 269 nafar yo‘lovchi zaxira poyezdiga xavfsiz o‘tkazildi va poyezd Toshkent Markaziy vokzaliga 22:05 da yetib keldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yo‘lovchilarga yo‘l davomida qo‘shimcha issiq choy-kofe va oziq-ovqat bepul tarqatildi. Shuningdek, 269 nafar yo‘lovchiga chipta narxi to‘liq qaytarib beriladi.