TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. Ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 20 mingdan ziyod nusxada o‘quv adabiyotlari chop etiladi. Bu haqda Madaniyat vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bolalar musiqa va san’at maktablarida tahsil olayotgan ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 8 nomdagi o‘quv adabiyotlari nashrga tayyor holga keltirilgan. Ularni 2023-yilning 1 choragi davomida chop etish rejalashtirilgan.
“O‘tgan yili maktablarning kutubxonalari 11 nomdagi 58 mingdan ziyod o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlandi. Ular uchun matn va nota yozuvlarining muqobil shakllari 1900 nusxada o‘quv adabiyoti sifatida tegishli ta’lim muassasalariga yetkazildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Sovg‘alar karvoni" Jizzaxdagi ko‘zi ojiz bolalarga maxsus mo‘ljallangan o‘quv qurollaridan iborat to‘plam yetkazib bergan edi. To‘plam Brayl yozuvi uchun moslama va stiluslar, sport anjomlaridan iborat.