Bugundan fiskal cheklarda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi o‘zgaradi – Davlat soliq qo‘mitasi

Endilikda onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali beriladigan fiskal cheklarda stavkasi 12 % ko‘rsatilishi kerak - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. Bugundan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi pasaytirilishi munasabati bilan onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali beriladigan fiskal cheklarda stavkasi 12 % ko‘rsatilishi kerak. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, xo‘jalik yurituvchi subektlar nazorat kassa texnikasi (NKT) dasturiga o‘zgartirish kiritish uchun texnik xizmat ko‘rsatish markazi (TXKM) xizmatiga murojaat qilishlari lozim.
Bu haqda:
TXKM va NKT ishlab chiqaruvchilari;
elektron to‘lov tizimlari operatorlari va marketpleslar;
tijorat banklari
shaxsiy kabinetlariga tegishli xabarnomalar yuborildi.
Fiskal chek
Fiskal chekda quyidagi ma’lumotlar aks ettitiriladi:
tadbirkorlik subekti nomi va STIR;
chek berilgan sana va vaqt;
MXIK (tovar va xizmatlarning identifikatsiya kodi) va o‘lchov birligi;
QQS stavkasi va summasi;
to‘lov turi (naqd/bank kartasi orqali/aralash);
fiskal modulning unikal raqami;
fiskal belgi;
QR-kod.
va boshqa zarur ma’lumotlar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab QQS miqdori 15 foizdan 12 foizgacha tushirilishi ma’lum qilingandi.