Bu qiziq

Yangi yil dasturxonida qanday mahsulotlarni kamaytirish kerak – SSV tavsiyasi

Diyetologlar xulosasiga ko‘ra, eng zararli taomlar ro‘yxatida tuz, sirka, shakar qo‘shilgan marinadlar yetakchilik qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 31 dek - Sputnik. Sanoqli soatlardan so‘ng Yangi yil bayrami uchun dasturxon tuzash harakati boshlanadi. Shifokorlar esa shu kunlarda iste’mol qilinadigan ba’zi an’anaviy oziq-ovqat mahsulotlari salomatlikka jiddiy ziyon keltirishidan ogohlantirmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Diyetologlar xulosasiga ko‘ra, eng zararli taomlar ro‘yxatida tuz, sirka, shakar qo‘shilgan marinadlar yetakchilik qiladi. Ular boshqa mahsulotlar bilan birga iste’mol qilinganda, organizmga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ikkinchi o‘rinda gazlangan ichimliklar turadi. Ular oshqozon, oshqozon osti bezi va yurak-qon tomir tizimi uchun xavfli. Gazlangan suvni aslo yog‘li ovqatlar bilan birga iste’mol qilmang. Xuddi shunday, och qoringa ham ichish zararli.
Uchinchi o‘rin mayonez qo‘shilgan salatlarga tegishli. Masalan, “olivye”ning bir kishilik o‘rtacha porsiyasi 170-180 milligramm xolesterinni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, 100 gramm miqdordagi ushbu salat tarkibida 200 kkal kaloriya mavjud. Shu bois, bunday mahsulotlar tayyorlashda mayonez o‘rniga smetana ishlatish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchi o‘rindan tortlar va pishiriqlar joy olgan. Odatda, ular ovqatdan so‘ng, hazmi taom sifatida dasturxonga tortiq etiladi. Bu — katta xato.
Chunki qandolat kremi yog‘ va xolesterin bilan to‘yingan. Ular oshqozonga og‘irlik qilishi barobarida, qonni quyuqlashtirish xususiyatiga ega. Bu yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, bunday tort va pishiriqlarni oz miqdorda va limonli choy bilan iste’mol qilgan ma’qul. Bu me’da shirasi ishlab chiqarilishini rag‘batlantirib, hazm jarayonini osonlashtiradi.
“Eng muhimi, surunkali xastaliklardan aziyat chekuvchi bemorlar sog‘lom ovqatlanish qoidalariga to‘liq amal qilishlari lozim”, - deyiladi vazirlik xabarida.