O‘zbekistonning davlat qarzi kamaydi

Davlat tashqi qarzining 17 mlrd dollari O‘zbekiston nomidan jalb qilingan, 6,2 mlrd dollari davlat kafolati ostida olingan.
Sputnik
TOShKENT, 31 dek - Sputnik. 2022-yilning 1-oktabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 26,2 milliard (o‘tgan yilning mos davrida 26,3 mlrd) AQSh dollarini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 34,1 foizni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi”da ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, davlat qarzining YaIMga nisbati 2021-yil boshida 39,0 foizdan 2022-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra 34,1 foizgacha pasaydi. Umumiy davlat qarzining 23,16 mlrd dollari tashqi va 3,07 mlrd dollari ichki qarz. 2021-yilning mos davrida davlat tashqi qarzi 23,6 mlrd dollarni va ichki qarzi 2,7 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Davlat tashqi qarzining 17 mlrd dollari O‘zbekiston nomidan jalb qilingan, 6,2 mlrd dollari davlat kafolati ostida olingan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatlar iqtisodiyotiga bag‘ishlangan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi bugungi kunda “mo‘’tadil” darajada hisoblanadi.
2022 yilning III choragida O‘zbekistonda YaIM real o‘sish sur’ati 5,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, yil boshidan davlat tashqi qarzi qoldig‘i 1,7 foizga kamaydi. Bunda davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan birga 823 mln dollar miqdoridagi davlat tashqi qarzi so‘ndirildi.
Ma’lum qilinishicha, 2022-yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekiston nomidan umumiy qiymati 2058,9 mln AQSh dollari miqdoridagi 16 ta tashqi qarz bitimi imzolangan. Mazkur mablag‘lar energetika, aholini toza ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlash, avtomobil yo‘llarni rivojlantirish, temir yo‘l va boshqa muhim loyihalarni moliyalashtirish uchun nufuzli xalqaro moliya institutlaridan imtiyozli shartlardagi uzoq muddatli kreditlari hisobidan jalb qilingan.