TOShKENT, 31 dek - Sputnik. 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligining Yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish hamda bojxona imtiyozlarini qo‘llash tartibiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida axborotida so‘z boradi.
Shuningdek, qoplanadigan (qaytariladigan) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining asosliligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari 60 kundan 30 kungacha qisqartirilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, foyda solig‘i (15 foiz, alohida toifalar uchun – 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (1,5 foiz), qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i (0,95 foiz), ijtimoiy soliq (budjet tashkilotlari – 25 foiz, qolganlar – 12 foiz) bo‘yicha stavkalar saqlab qolinmoqda.
2023 yilning 1-aprelidan boshlab quyidagilar bo‘yicha berilgan imtiyozlar bekor qilinmoqda:
budjet mablag‘lari hisobidan har yillik mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari doirasida ko‘rsatiladigan geologiya xizmatlari bo‘yicha aylanma;
pochta markalari, markali otkritkalar, konvertlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
budjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.
Shuningdek, 2023-yilning 1-iyulidan boshlab O‘zbekiston Milliy gvardiyasining qo‘riqlash bo‘linmalari xizmatlari bo‘yicha taqdim etilgan imtiyozlar kuchini yo‘qotadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etilishi mumkin.