Yangi avlod darsliklari aprobatsiyadan so‘ng Xalq ta’lim vazirligiga bepul beriladi

Xalq ta’limi vazirligi: Zamonaviy darsliklar ma’lum tashabbuskor guruhlar tomonidan beg‘araz tarzda ishlab chiqilgan va unga hozirgacha budjet mablag‘lari sarflanmagan.
Sputnik
TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Yangi avlod darsliklari aprobatsiyadan so‘ng Xalq ta’lim vazirligiga bepul beriladi. Bu haqda Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kecha taqdimoti o‘tkazilgan zamonaviy darsliklar ma’lum tashabbuskor guruhlar tomonidan beg‘araz tarzda ishlab chiqilgan va unga hozirgacha budjet mablag‘lari sarflangani yo‘q. Tajriba sinovi yakunlanlangach, darsliklar vazirlik ixtiyoriga bepul beriladi.
“Aslida darsliklarni yaratish va chop etish qismi bor. Ochig‘i, darslikni yaratish uni chop etishdan ko‘ra qiyin va qimmat jarayon. Shu paytga qadar turli sabablar bilan darsliklar mazmuniga yetarli e’tibor berilmagan”, deydi u.
Uni chop etish jarayonlari esa o‘rnatilgan tartibda, "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunga asosan, ochiq va shaffof tenderlar orqali o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida boshlang‘ich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimotida ishtirok etdi. Unda maktab o‘quvchilari uchun tayyorlangan yangi darsliklarda nafaqat fanlar, balki 21-asrda zarur bo‘lgan hayotiy ko‘nikmalar ham o‘rgatilishi ma’lum qilindi.
Ularni ishlab chiqishda xalqaro dasturlar tomonidan o‘quvchilarning muvaffaqiyatlarini baholashda qo‘llaniladigan namunaviy topshiriqlar o‘rganib chiqildi va asos qilib olindi (PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA).