TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Pedagoglar attestatsiyasi natijalari asosida toifa sertifikatlari tarqatildi. Bu haqda Ta’lim inspeksiyasi xabar berdi.
Avgust-dekabr oylarida o‘tkazilgan attestatsiyada ishtirok etgan barcha pedagoglarning attestatsiya natijalari e’lon qilindi. Natijalarga ko‘ra 132 ming 873 nafar pedagogga sertifikatlar tarqatildi.
Malaka toifasi berilgan pedagoglar:
17 709 nafariga oliy malaka toifasi;
53 458 nafariga birinchi malaka toifasi;
61 705 nafariga ikkinchi malaka toifasi;
9 950 nafariga mutaxassis malaka toifasini berish to‘g‘risida.
Shuningdek, 6182 nafar pedagogga nisbatan esa mutaxassis lavozimiga muvofiq emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Pedagoglarning 80720 nafari navbatdan tashqari attestatsiyada past ball olganligi sababli ularga nisbatan salbiy qaror qabul qilinmadi.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalari berilgan pedagoglarning sertifikatlari shaxsiy kabinetlariga yuborildi.
“Barcha pedagoglarning sertifikatlari 29-dekabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan va shu sanadan boshlab kuchga kirgan. Sertifikatlar shaxsiy kabinetlarda doimiy ravishda saqlanib turadi va sertifikatlarni istalgan vaqtda yuklab olish mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birgalikda, o‘qituvchilardan shaxsiy kabinetlaridan malaka (toifa) sertifikatlarini yuklab olishda shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etmasliklari so‘ralmoqda.
Ma’lumot uchun, pedagog kadr attestatsiyada ishtirok etish uchun platforma orqali ro‘yxatdan o‘tib murojaat yuborganda har bir pedagog uchun mazkur platformada shaxsiy kabinet shakllangan. Shaxsiy kabinetga kirish murojaat yuborishda foydalanilgan telefon raqamiga yuborilgan "login va parol" orqali amalga oshiriladi.
Pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq savollarini muloqot botiga (@uztdibot) yuborishlari mumkin.