Bu qiziq

Yangi yil aslida kimning bayrami?

Hatto eng og‘ir urush yillarida ham qog‘ozdan archa o‘yinchoqlari, bir dona yong‘oq yoki oqqanddan sovg‘a yasab, kattalar bolalarni xursand qilishgan. 
Sputnik
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 17-asr oxiriga qadar butun dunyoda Yangi yil bayrami mart oyining boshida, bahorgi ekin-tekinlar mavsumi bilan bir vaqtda nishonlangan, culture.ru ma’lumotlariga asosan.
Eramizdan oldingi 46-yilda Yuliy Sezarning ngi yilni 1-yanvardan boshlash haqidagi qarori haqida ma’lmuotlar ham bor, lekin o‘sha vaqtda bu keng tarqalgan udumga aylanmagan.
Rossiyada Yangi yilni keng nishonlash odati Potr I davrida paydo bo‘lgan. Bir necha yil Yevropada yashab, ularning turmush tarzini o‘rgangan rus imperatori 1699-yilning 29, 30-dekabrida 2 ta farmon chiqaradi.
Ularning birida Rossiyada yil hisoblashni yangicha taqvimga ko‘ra amalga oshirishni nazarda tutgan edi. Shunga qadar Rossiyada yillar Vizantiya taqvimiga ko‘ra (dunyo paydo bo‘lgan kundan boshlab) hisoblanar edi. Shunday qilib eski taqvimdagi 7208-yil yangi taqvimiga muvofiq 1700-yilga aylanadi.
Ikkinchi farmonda Yevropa davlatlarida bo‘lgani kabi Yangi yil sharafiga Moskva shahar ko‘chalari va yirik binolarni archa shoxlari bilan bezatish, bayram oqshomida olov yoqib, mushakbozlik qilish aytib o‘tilgan edi.
Potr I davridan so‘ng yangi yil bayramini nishonlash, sekin asta unutila boshladi desak ham bo‘ladi. Bayram faqat ayrim badavlat xonadonlarda o‘tkazilar edi. Keyingi imperator Yelizaveta I davrida, Yangi yil oqshomi bir necha ming kishi ishtirokida ball-maskaradlar o‘tkazish rusum bo‘ladi. Keyinroq Yekaterina II davrida esa, bayramda shampan vinosi ichish va bir biriga sovg‘a ulashish odati paydo bo‘lgan ekan.
1852 yilda Sankt-Peterburgdagi Yekateringof vokzali maydonida Rossiyadagi birinchi yangi yil archasi o‘rnatiladi.
Oktabr revolyutsiyasidan keyin 1918-yilda bolsheviklar Yangi yil bayramini “revolyutsiya g‘oyalariga zid, g‘arb burjuaziyasining illati” deya tamg‘a bosib, uni bayram qilishni taqiqlab qo‘yishadi. Uning o‘rniga ular 7-oktabrda “Qizil bo‘ron” bayramini joriy etishadi. Lekin bu bayram odamlarga ma’qul kelmaydi, ular yangi yilni baribir yashirincha bayram qilishda davom etishadi.
Shundan so‘ng, 1935-yil 28-dekabr kuni partiya vakili bo‘lgan Pavel Postishev ismli kishi “Trud” gazetasida “Keling, bolalar uchun yangi yilda yaxshi archa bayram uyushtiramiz”, degan maqolasi chiqadi. Unda muallif “Archa bayrami”ga siyosiy yoki diniy baho berishga, noto‘g‘ri talqin qilishga qarshi chiqadi va misol tariqasida revolyutsiyadan oldin boy badavlat kishilar va maldorlar bolalar uchun archa bayramlar uyushtirganini esga oladi. Nima uchun sovet bolalari bunday baxtdan mahrum bo‘lishi kerak degan savolni qo‘yadi.
Bir kun o‘tib “Pravda”da VLKSM bosh kotibi Kosarovning barcha maktab va bolalar klublarida 1-yanvar kuni yangi yilni nishonlash haqidagi farmoni e’lon qilinadi. 1936-yilning 1-yanvarida davlat rahbari Iosif Stalinning birinchi Yangi yil tabrigi e’lon qilinadi.
Yillar o‘tishi bilan Yangi yil bayramida Qorbobo va Qorqiz obrazlari paydo bo‘ladi. Sovet davrining keyingi yillarida olivye salati hamda mandarin ham yangi yil kuni iste’mol qilinadigan odatiy taomlarga aylanadi.
Sovet ittifoqida 15 ta respublika, yuzlab millat vakillari istiqomat qilgan. Yangi yil esa - 55-yildan ortiq vaqt davomida bir hududda yashayotgan barcha millat va din vakillarini birlashtiruvchi, eng katta va universal bayram bo‘lgan.
Yangi yilni ayniqsa bolalar orziqib kutishgan. Chunki bayram arafasida har bir maktabda archa bayramlari o‘tkazilgan, Qorbobo sovg‘alar ulashgan. Undan so‘ng esa 10-12 kunlik ta’til berilgan. 31-dekabr kuni esa har bir xonadonda bayram tantanali kutib olingan. Hatto urush va yo‘qchilik davrlarida ham qog‘ozdan archa o‘yinchoqlari, bir dona yong‘oqdan sovg‘a yasab odamlar bolalarni xursand qilishga harakat qilishgan.
Mazali taomlar, sovg‘alar, ta’til – birinchi navbatda Yangi yil bu bolajonlar bayrami. Kattalar buni unutmang!