"Vkusno - i tochka" egasi O‘zbekistonda tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga ariza berdi

O‘zbekistonda "Mazali va nuqta" va "Lazzatli va nuqta" tovar belgisi paydo bo‘lishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Rossiyaning “Vkusno - i tochka” tez ovqatlanish restoranlari O‘zbekistonda "Mazali va nuqta" va "Lazzatli va nuqta" tovar belgisi ostida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Tarmoqlarga egalik qiluvchi “Sistema PBO” MChJ O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgan.
Agentlik ma’lumotlar bazasida 28-dekabr kuni “Sistema PBO” MChJning 20227184 va 20227186 raqamli talabnomalari paydo bo‘ldi. Kompaniya birdan barcha toifalar bo‘yicha ariza topshirgan.
Avvalroq “Vkusno - i tochka” MDH davlatlari bozoriga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi. Bu McDonald's mavjud bo‘lmagan mamlakatlarda franshiza sotish orqali amalga oshirilishi mumkin. Ular orasida Armaniston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bor.
Ma’lumot uchun, Amerikaning McDonald's tamaddixonalari tarmog‘i Rossiyadagi faoliyatini mart oyida to‘xtatdi va keyinchalik bozorni butunlay tark etishga hamda Rossiyadagi biznesini sotishga qaror qildi. Biznesni kompaniya litsenziyasiga ega Aleksandr Govor sotib oldi, endi u yangi “Vkusno - i tochka” brendi ostidagi restoranlarni boshqarapti.