Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston prezidenti va Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birini samimiy qutladi.
Sputnik
TOShKENT, 29 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev va Berdimuhamedov barcha ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlik ancha faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Savdo hajmi oshmoqda, sanoat, energetikada kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, samarali hududlararo aloqalar rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari ro‘yobga chiqarilmoqda.
Parlamentlararo muloqot, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida yangi darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Suhbat yakunida O‘zbekiston prezidenti va Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birini samimiy qutlab, qardosh xalqlarga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.