TOShKENT, 29 dek — Sputnik. G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalari G‘arb siyosatchilari kutganidan ham barqarorroq bo‘lib chiqqan Rossiya iqtisodiyotini “tiz cho‘ktira olmadi”. Bunday baho Germaniyaning “Deutschlandfunk” radiosi tomonidan berildi.
Uning kuzatuvchilarining ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainada maxsus harbiy operatsiyasi boshlanishiga javoban, kollektiv G‘arb “javob sifatida iqtisodiy urushni tanladi”, sanksiyalar esa “uning quroliga aylandi”.
Shu bilan birga, joriy yil natijalariga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti ular bilan “hayratlanarli darajada mohirlik bilan kurashdi”. Jurnalistlar bu tezisning isboti sifatida Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2022-yilda Rossiya yalpi ichki mahsulotini 9 foizdan “atigi 3,5 foizga” qisqartirish bo‘yicha prognozini qayta ko‘rib chiqqanini keltirmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining so‘nggi prognoziga ko‘ra, kelgusi yilda Rossiya yalpi ichki mahsulotining pasayishi “atigi 2,3 foizni” tashkil qiladi.
Jurnalistlarning xulosa qilishicha, xalqaro moliyaviy va tahliliy tashkilotlar “sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotini 2023-yilda “tiz cho‘ktirishda” muvaffaqiyat qozonmasligiga ishonadi.
G‘arb Ukrainadagi mojaro tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi, bu esa Yevropa va AQShda elektr energiyasi, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi ekanligini va sanksiyalar butun jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini aytdi.