Umra ziyoratiga ketayotgan o‘zbekistonliklar YTHga uchradi - TIV

Mazkur avtobusda O‘zbekistondan borgan 50 nafar O‘zbekiston ziyoratchilaridan 10 nafari jarohatlangan.
Sputnik
TOShKENT, 28 dek — Sputnik. Umra ziyoratiga ketayotgan o‘zbekistonliklar yo‘l transport hodisasiga uchradi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 27-dekabr kuni Saudiya Arabistoni vaqti bilan soat 09:15da “Al-Afaj” transport kompaniyasiga tegishli “Mercyedes-Benz” rusumli avtobus haydovchisi “Jidda-Madina” 160-magistral yo‘lida uxlab qolishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Mazkur avtobusda O‘zbekistondan borgan 50 nafar O‘zbekiston ziyoratchilaridan 10 nafari jarohatlangan.
Transport hodisasi oqibatida jabr ko‘rganlarga Madina shahri yaqinidagi “Vadi Al-Far’” va “Al-Himna” shifoxonalarida tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Avtobusdagi 40 nafar ziyoratchi Madina shahridagi mehmonxonaga joylashtirildi.
“Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan. Ushbu mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Diplomatlarimiz fuqarolarimiz holidan xabardor bo‘lib turibdi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklar 22-yanvardan Umra ziyoratini amalga oshirishni boshlashgan. Bu yil ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan ziyorat narxlari ko‘tarilgan. Shuningdek, qirollikda 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham joriy etilgan.
Noyabr oyida Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi tashkil etilgandi. Qayd etilishicha, Umra safarini sayyohlik agentliklari orqali tashkil etib berayotganligi sababli ayrim muammolar yuzaga kelmoqda. Mazkur muammolarni bartraf etishda maqsadida Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi tashkil etish zarurati tug‘ildi. Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assoitsiatsiyasi Adliya vazirligida Davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.