TOShKENT, 28 dek — Sputnik. 2023-yil 1-yanvardan milliy qonunchilikda ko‘plab o‘zgarishlar kuchga kiradi. “Norma” yangi yildan qonunchilikda bo‘ladigan asosiy o‘zgarishlar sharhini taqdim etdi.
Tadbirkorlik sohasida talablar soddalashtirilmoqda
Xususan, quyidagi talablar bekor qilinmoqda:
tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va OAVda bu haqda e’lon berish;
yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi;
elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish;
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali soliq xizmati organlarida alohida hisobga qo‘yish.
Tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etilmoqda
Yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foizidan yiliga BHMning 1 baravarigacha kamaytirilmoqda (bundan savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar mustasno).
O‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni, shu jumladan, yuridik shaxslar uchun ham bajarishga ruhsat etilmoqda. Qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni jalb qilish mumkin bo‘ladi
Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida joylashgan tadbirkorlik subyektlari uchun 2028-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda:
foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;
ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi;
yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga BHMning bir baravari miqdorida belgilanadi.
Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari soliq va bojxona bojlaridan ozod etiladi
2026 yil 1-yanvargacha ozod qilinadi:
yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan – elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda ular o‘rnatilgan avtomobil to‘xtash joylari joylashgan yer uchastkalari, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘idan – elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari;
foyda solig‘idan – asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatish (ushbu faoliyat turi bo‘yicha tushumning umumiy realizatsiya qilish hajmidagi ulushi 50 foiz va undan yuqori) bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari;
transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatishdan olingan daromad bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliqdan;
bojxona bojidan – belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar.
Pensiya hisoblash tartibi o‘zgarmoqda
Yoshga doir, nogironlik hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng ko‘p miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarni pensiya ta’minotiga oid quyidagi normalar kuchga kirmoqda:
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanadi;
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1-yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi.
Dori vositalariga yangi talablar o‘rnatilmoqda
Tasdiqlangan ro‘yxatda belgilangan dori vositalaridan tashqari barcha yangi dori vositalari ishlab chiqarish sharoitlarining "Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP" talablariga muvofiqligi o‘rganilganidan so‘ng klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Import shartnomalar bo‘yicha xizmatlarni soliqqa tortish tartibi o‘zgarmoqda
Asbob-uskunalar (qurilmalar, mexanizmlar, butlovchi va ehtiyot qismlar) sotib olish (sotish) bo‘yicha shartnomada (kontraktda) ularni montaj va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni o‘qitish xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlar qiymati alohida ko‘rsatilmagan hollarda norezidentning soliq solinadigan daromadini ushbu xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.
Advokatlik litsenziyasi onlayn rasmiylashtiriladi
Litsenziya olish uchun arizalar "Litsenziya" AT yoki YaIDXP orqali yuboradi. Arizalar har kuni, dam olish kuni va bayram kunlaridan qat’i nazar yuborilishi mumkin.
Qurilish sohasida talablar soddalashtirilmoqda
Qurilish-montaj, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun smeta-resurs normalari tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi.
Qurilish reglamentlari hamda smeta-resurs normalarini Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi. Shaharsozlik normalari va qoidalari har 3-4 yilda qayta ko‘rib chiqiladi va zaruratga ko‘ra yangilab boriladi.
Tekstil mahsulotlarini olib chiqish uchun yig‘im miqdori o‘zgaradi
O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni (bo‘yalgan trikotaj matodan tashqari) olib chiqishda har bir kg uchun $0,1 miqdorida yig‘im undiriladi(2022 yilda – $0,05).
Ipoteka kreditlari uchun subsidiya olgan shaxslar JShDSdan ozod etiladi
Dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari JShDSga tortilmaydi. Ushbu imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi.
“E-patrul” tizimi joriy etiladi
Bosqichma-bosqich “E-patrul” tizimi joriy etilib, fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi. Barcha ma’lumotlar onlayn tekshiriladi, patrul xodimlarining faoliyati esa bodikamera orqali qayd etiladi.
Faxriy donorlarga qator imtiyozlar beriladi
“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish;
shahar jamoat transportining barcha turlaridan bepul foydalanish;
davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish;
doimiy (yiliga kamida 3-marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi;
donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil - MHEKMning 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Mahalliy budjetlar Bolalarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasini to‘ldirib borishadi
Har chorakda mahalliy budjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 foizi Jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari tomonidan farzandlari uchun sotib olingan oromgohlar yo‘llanmalari narxining 50 foizigacha bo‘lgan (ammo har bir yo‘llanma uchun BHMning 1 baravaridan oshmagan) qismi ish beruvchilarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xodimlarga kompensatsiya qilib berilishi mumkin.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda kasaba uyushmalari a’zosi bo‘lgan xodimlarni sog‘lomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kasaba uyushmalari Federatsiyasiga belgilangan tartibda taqsimlanadigan ijtimoiy soliq tushumlari hisobidan har bir yo‘llanma narxining 55 foizi miqdorida sanatoriylarga kompensatsiya qilinadi.
Ikkita hududda imtiyozli transport kartalari berish boshlanadi
Toshkent va Samarqandda imtiyozli transport kartalarini berish boshlanadi.
Imtiyozli kartalarni olish uchun hududiy transport boshqarmalariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish lozim.
Ma’lumot uchun: quyidagi shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi berilgan:
1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va nogironlari hamda urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
Afg‘onistonda va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxslar va nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxsga safarlarda hamrohlik qiluvchi shaxs.