TOShKENT, 27 dek — Sputnik. Turkiya va Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda elektr uzatish tarmoqlarini quradi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra, Turkiyaning “ŞA-RA ENERJĪ Īnşaat, Ticaret ve Sanayi A.Ş.” kompaniyasi 31,89 mln dollar taklif etilgan narx bilan uzunligi 213 km bo‘lgan 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Shuningdek, Xitoyning “Xian Electric Engineering Co., Ltd” kompaniyasi 14,68 mln dollar taklif etilgan narx bilan uzunligi 72 km bo‘lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha g‘olib deb topildi.
G‘olib kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilib, 2022-yil 23-dekabr kuni shartnomalar imzolandi.
Loyihani Jahon banki moliyalashtirgan. Uni 2022-2024 yillarda amalga oshirish belgilangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ham energetika sohasida hamkorlik rivojlanib bormoqda. Xususan, Rossiyaning “VEB.RF” rivojlanish korporatsiyasi Toshkent viloyatida Pskom gidroelektr stansiyasi qurilishiga 75 mln dollar ajratdi. Pskom GES 2026-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.