TOShKENT, 27 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 500 million va bir necha yil ichida 1 milliard dollarga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Islomobodda tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuvda bunga imkon beruvchi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni kelishish va uni imzolashni muhokama qildi.
Tomonlar yirik mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqishdi. Texnik-iqtisodiy jihatlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bugungi holatiga e’tibor qaratishdi.
Uchrashuv yakunida 2023-yil boshida Toshkentda O‘zbekiston-Pokiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazishga kelishib olishdi.