TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etiladi. Bu haqda prezident 23-dekabr kuni imzolagan 449-qarorda nazarda tutilgan.
Qaror bilan gimnastika sport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Unga ko‘ra, bog‘cha va maktablarda gimnastika bo‘yicha dasturlar joriy qilinadi.
Qarorga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan quyidagi dasturlar joriy qilinadi:
bog‘chalarda “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi;
maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan “Bolalar uchun gimnastika” dasturi.
Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida tashkil etiladigan markazlar yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanib, o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi.
Gimnastika markazlari o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi. Markazlarning o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladi.
Mazkur diplom berilgan mutaxassislik (trener, trener-seleksioner) bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida gimnastika bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari 2 baravarga oshiriladi.
2023 yil 1-yanvardan an’anaviy tarzda gimnastika sport turlari bo‘yicha O‘zbekistonda quyidagi musobaqalar o‘tkaziladi:
gimnastrada sport turi bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida Prezident kubogi;
badiiy gimnastika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Yorqin yulduzcha” va kattalar o‘rtasida “Grand Prix Uzbekistan” xalqaro turniri;
sport gimnastikasi bo‘yicha “Duxoba yo‘l” xalqaro turniri;
trampolin bo‘yicha “Samodan baland” xalqaro turniri;
xalqaro gimnastika kuniga bag‘ishlab o‘tkaziladigan “Gymnastics Day” butun O‘zbekiston ommaviy forumi;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Xalq ta’limi vaziri kubogi”;
gimnastika sport turlari bo‘yicha Xalqaro gimnastika federatsiyasining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari bo‘yicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar.