TOShKENT, 25 dek — Sputnik. Rossiya gazi va nefti uchun yuqori narx belgilanishini qabul qilib bo‘lmaydi, dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov, mamlakat hech qachon bozor narxlarining buzilishiga rozi bo‘lmasligini ta’kidlab. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Har qanday yuqori narxning belgilanishi mumkin emas. Garchi ular ancha yuqori o‘rnatilgan bo‘lsada, bu prinsipial masala – bu bozor narxini shakllantirish jarayonlariga aralashish. Va agar bugun siz bunday saxovatli yuqori narxga rozi bo‘lsangiz, ertaga (Rossiya Federatsiyasi – tahr.) manfaatlarini buzadigan narxga rozi bo‘lishingiz kerak bo‘ladi”, - dedi Peskov Pavel Zarubin bilan “Moskva. Kreml. Putin” dasturi uchun suhbatda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas.
“Biz hech qachon bozor narxini belgilash jarayonining bunchalik buzilishi va vayron qilinishiga rozi bo‘lmaymiz”, - deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi.
Ma’lumot o‘rnida, 5-dekabr kuni Rossiya neftini Yevropa Ittifoqiga dengiz orqali yetkazib berishga embargo kuchga kirdi. Yevropa Ittifoqi davlatlari 2-dekabrda, shuningdek, dengiz orqali yetkazib beriladigan Rossiya neftining barreliga to‘lash mumkin bo‘lgan yuqori narxni ham kelishib oldilar – 60 dollar. Xuddi shunday qaror G7 davlatlari va Avstraliya tomonidan ham qabul qilingan edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlarining ushbu qarorini bozor iqtisodiyoti tamoyillariga zid deb atadi va Rossiya bunday mamlakatlarga neft yetkazib bermasligini ta’kidlab o‘tgan edi. Shuningdek, u tez orada qarshi choralar haqida farmon imzolashini aytdi.