Qirol Charlz III shahzoda Endruni Bukingem saroyidan haydadi – OAV

Shahzoda Endryu jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib, mojaroli mashhurlikka erishgandi.
Sputnik
TOShKENT, 25 dek — Sputnik. Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ba’zi unvonlardan mahrum etilgan shahzoda Endruni Bukingem saroyidan chiqarib yubordi, deb yozadi The Sun gazetasi manbalarga tayanib.
Manbalarga ko‘ra, shahzoda Endruning saroydagi hayoti nihoyasiga yetgan.
“Qirol ochiqcha bildirdi. U (Endryu – tahr.) qirollik vazifalarini bajarmayapti. U o‘z bilganini qilyapti”, - degan manba nashrga.
Qayd etilishicha, sharmanda bo‘lgan shahzoda shunga qaramay Sandringem saroyidagi qirollik Rojdestvo ziyofatida ishtirok etadi.
Gazeta noyabr oyida Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi shahzoda Endruni qurollangan qo‘riqchilar xizmatidan mahrum qilgani, ular uchun Britaniya g‘aznasi har yili uch million funt sterling (3,6 million dollar) to‘lagani haqida xabar bergan edi.
Shahzoda Endryu inson huquqlari faoli Virjiniya Juffre qirollik oilasi a’zosi uni zo‘rlagani haqida da’vo bilan chiqishi ortidan mashhur bo‘lgandi. Ayolning ta’kidlashicha, York gersogi uni 17 yoshida Londonda zo‘rlagan.
Mart oyida OAV shahzoda Endryu Juffrega tovon puli to‘lab, u bilan sudgacha kelishuvga erishganini xabar qildi. Shundan so‘ng ish yurituvi to‘xtatildi. Qayd etilishicha, tovon puli 12 million funtga teng bo‘lishi mumkin.
Yanvar oyida, ayblovlar va keyingi da’volar fonida Bukingem saroyi shahzoda Endryu faxriy harbiy unvonlar, qirollik homiyligidan mahrum qilingani va endi “zoti oliylari” unvonidan foydalana olmasligini e’lon qildi.
Shahzoda Endryu – Qirolicha Yelizaveta II ning uchinchi farzandi va ikkinchi o‘g‘li, qirol Charlz III ning ukasi.