TOShKENT, 25 dek — Sputnik. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari uchun ajratilgan kvotalar va ularning taqsimlanish tizimini tasdiqladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Quyida mazkur dasturga oid e’tiborli ma’lumot va raqamlarni keltirib o‘tamiz.
Ushbu sport uchun umumiy ajratilgan kvota: 120 (60+60)
Erkaklar vazn toifalari: -61 kg, -73 kg, -89 kg, -102 kg va +102 kg
Ayollar vazn toifalari: -49 kg, -59 kg, -71 kg, -81 kg va +81 kg
Ajratilgan 60 ta kvota har bir vazn toifalarida teng taqsimlanadi. Har bir mamlakatdan ko‘p bilan 6 nafar (3+3) sportchi Parij-2024 Olimpiadasida ishtirok etishi mumkin. Bordiyu qaysidir jamoa 4 yoki undan ortiq yo‘llanmaga ega bo‘lsa, majburiy ravishda 3 sportchisini tanlaydi.
O‘rinlar reyting ochko taqdim qiluvchi musobaqalardagi natijalarga qarab shakllantiriladi. Parij-2024 yo‘llanmasiga ega bo‘lish uchun sportchilar kamida 5 ta ana shunday reyting turnirida ishtirok etishlari shart. Ulardan quyidagi 2 tasi majburiy:
2023 yilgi jahon chempionati (2-17 sentabr, Saudiya Arabistoni);
2024 yilgi Jahon kubogi (2-11 aprel, Tailand).
Shuningdek, quyidagi musobaqalardan kamida 3 tasida ishtirok etgan bo‘lishlari talab etiladi:
2022 yilgi jahon chempionati (5-16 dekabr, Kolumbiya);
2023 yilgi Osiyo chempionati (3-13 may, Janubiy Koreya);
2023 yilgi I Gran-pri (2-12 iyun, Kuba);
2023 yilgi II Gran-pri (dekabr, Qatar);
2024 yilgi Osiyo chempionati (5-15 fevral, O‘zbekiston).
2-17 sentabr kuni qit’a atletlari Saudiyada dunyo birinchiligida ishtirok etsa, 27-sentabr – 4-oktabr sanalarida ularni Osiyo o‘yinlari doirasidagi bahslar kutib turibdi.