TOShKENT, 24 dek — Sputnik. 2023-yilga o‘tar kechasi O‘zbekiston qor yog‘ishi mumkin. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassisi Erkin Abdulahatov o‘zining Telegram kanalida yozmoqda.
Mutaxassisning yozishicha, kelayotgan o‘n kunlikda O‘zbekistonga shimoli-g‘arbdan o‘ta sovuq havo oqimlari kirib kelmasligi kutilyapti.
U shuningdek, yangi yil kechasida o‘zbeklar yangi yilni qanday ob-havo bilan kutib olishi haqidagi savolga ham javob bergan.
“Ayrim iqlim modellari 2023-yilga o‘tar kechasi soat millari 00:00 ga bong urganda, respublikaning katta qismida tashqi muhitda qor yog‘ishi mumkinligi to‘g‘risida kutilmalarni taqdim etmoqda”, - deydi iqlimshunos.
Uning qayd etishicha, mutaxassislar vaziyatni ob-havo xaritalari, atmosferadagi havo aylanmalari harakati orqali sinchkovlik bilan kuzatishmoqda. Hozirda 28-dekabrdan so‘ng respublikaga bir nechta bosqichda nam havo oqimi kirib kelishi oydinlashmoqda. 31-dekabrga 5 kunlar qolganda, Yangi yil kechasi uchun ishonchli ob-havo prognozi taqdim etiladi.