TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga 61 yoshni qarshilagani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev tabrikda Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning yangi rivojlanish davrida tarixiy adolatni tiklagan haqiqiy yetakchi ekanini ta’kidlagan.
Qutlovda Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida va undan keyin Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari uchun Samarqandga kelganida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamkorlikka ijobiy turtki berishi qayd etilgan.
“Erishilgan barcha muhim kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada yuqori bosqichga ko‘tarib, ko‘p tomonlama hamkorligimizni yangi amaliy mazmun bilan boyitishiga aminman”, - deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari Ilhom Aliyevga uzoq umr, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, Ozarbayjon xalqiga esa farovonlik, doimiy taraqqiyot tilagan.