Rossiya TIV Moldovaga G‘arb qurollari yetkazilib berilayotganini qoraladi

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Galuzin Moldovani NATO qurollari bilan to‘ldirish rejalari falokatli ekanini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Moldova va NATO o‘rtasidagi hamkorlikning faollashuvi mamlakat xavfsizligiga putur yetkazadi, dedi Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin RIA Novosti agentligiga.
Rossiyalik diplomat Kishinyovni bu borada Kiyevning ayanchli tajribasini takrorlamaslikka chaqirdi.

“Kishinyov va NATO mamlakatlari o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik sohadagi hamkorlikning faollashuvi ko‘proq Moldovaning xavfsizligiga putur yetkazuvchi omil hisoblanadi. Tajriba shuni ko‘rsataptiki, biror davlatning G‘arb qurollarini o‘ylamasdan yig‘ishi yoki hududiga NATO kontingentini joylashtirish uning xavfsizligi va suverenitetini umuman oshirmaydi, aksincha, uni falokatga yaqinlashtiradi”, - dedi diplomat.

Moldova tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri Niku Popesku avvalroq mamlakat xavfsizlik bilan bog‘liq o‘ta og‘ir vaziyatda ekani, shu sababli mudofaa qobiliyatini kuchaytirishi kerakligini aytgan edi. Kishinyov Germaniya, Ruminiya va Fransiya bilan harbiy hamkorlikni faollashtirishga ishonadi.
Xususan, Moldova mudofaa vaziri Anatoliy Nosatiy havo hujumidan mudofaa tizimini yaratish zarurligi haqida gapirdi, biroq Kishinyovda hozirda buning uchun mablag‘ yo‘q.