TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbek milliy akademik drama teatrida atoqli qozoq adibi, buyuk shoir va ma’rifatparvar Abay (Ibrohim) Qo‘nonboyev hayoti va ijodi haqidagi “Abay” spektakli sahnalashtirildi. Bu haqda teatr matbuot xizmati xabar berdi.
“Abay” timsolining o‘zbek sahnasida ikkinchi bor yangi talqinda va o‘zgacha rakurslarda sahnalashtirilishi ikki buyuk xalq uchun unutilmas e’tirofdir. Qolaversa, atoqli shoirning hayot va ijod yo‘li bugungi yoshlarimiz uchun juda ham kerak”, - deydi spektakl rejissori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston san’at arbobi Marat Azimov.
Spektakl muallifi Muxtor Avezov, postanovkachi rassom O‘zbekiston san’at arbobi Baxtiyor To‘rayev. Abay obrazini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mahmud Ismoilov ijro etgan. Oykaram rolida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Yunusova.
Ma’lumot uchun, Abay haqidagi spektakl ilk bor teatrda 2019-yilda sahnalashtirilgan. Asar O‘zbekistonda san’at arbobi, yozuvchi va tarjimon Nosir Fozilov tomonidan qozoq tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda “Abay Qo‘nonboyevning merosi kunlari” o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma 30-dekabrga qadar davom etdi.