Bosh vazirga qo‘shimcha huquqlar berilyapti

Bosh vazir endi iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning dolzarb yo‘nalishlarini o‘rganadigan va ular bo‘yicha takliflar ishlab chiqadigan komissiyalar tuzishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Bosh vazir kotibiyatining o‘rnak ko‘rsatgan boshqaruv xodimlarini natijadorlik asosida qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun mablag‘lar miqdorlarini belgilashi mumkin bo‘ladi. Bu haqda “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.
Farmonga muvofiq hukumat rahbariga masalalarni tartibga solish va ustuvor vazifalarni hal qilishning muhimligini hisobga olgan holda bosh vazir kotibiyatining umumiy shtatlari soni doirasida uning ijro etuvchi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
Shuningdek, endilikda bosh vazir iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning dolzarb yo‘nalishlarini o‘rganish va ular bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun ishchi guruhlar va kelishuv komissiyalari tashkil qilishi mumkin.
Farmonda Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda:
Bosh vazir o‘rinbosarlarining funksional vazifalarini tasdiqlashi;
Bosh vazir kotibiyatining shtat jadvalini tasdiqlashi;
Bosh vazir kotibiyati to‘g‘risidagi, uning barcha bo‘linmalari funksiyalari, vakolatlari, huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyatini batafsil belgilab beruvchi nizomni ishlab chiqishi;
Bosh vazir kotibiyatining yangi tashkil etilgan tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlashi;
faoliyati tugatilayotgan tarkibiy bo‘linmalarning xodimlarini vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarda rahbar va mas’ul lavozimlarga tayinlash bo‘yicha choralar ko‘rishi, zarur hollarda, taklif kiritishi belgilandi.
Avvalroq bosh vazirning o‘rinbosarlari soni 8 tadan 4 taga qisqartirilayotgani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosarlariga bir vaqtda vazir lavozimini egallash ham taqiqlanmoqda.