TOShKENT, 24 dek — Sputnik. 2023-yil 1-yanvardan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbari vazifasini bajarishi taqiqlanadi. Bu haqda prezidentning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
1 yanvardan uyushma va boshqa xo‘jalik birlashmalariga davlat hokimiyati vakolatlarini berish va ularning rahbarlarini Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan lavozimga tayinlash amaliyoti bekor qilinadi.
Respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalarining ochiq reyestrini shakllantirish va uni doimiy yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat boshqaruvida ochiqlik darajasini yanada oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirilgan davlat boshqaruvi modeliga o‘tish maqsadida 2023-yil 1-yanvardan boshlab, sinov tariqasida, Adliya vazirligi tizimida idoraviy buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar sinov natijalari bo‘yicha 2023-yil 1-sentabrdan boshlab barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va e’lon qilishni joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini tayyorlaydi.