TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Hujjatga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan, vazirliklar soni 25 tadan 21 tagacha qisqartirilmoqda.
Belgilanishicha, Vazirlar Mahkamasi tizimini quyidagi vazirliklar tashkil etadi:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
Tabiat resurslari vazirligi;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
Suv xo‘jaligi vazirligi;
Raqamli texnologiyalar vazirligi;
Adliya vazirligi;
Transport vazirligi;
Madaniyat va turizm vazirligi;
Mudofaa vazirligi;
Energetika vazirligi;
Sog‘liqni saqlash vazirligi;
Tashqi ishlar vazirligi;
Ichki ishlar vazirligi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Farmon bilan quyidagilar:
2023 yil 1-yanvardan boshlab qayta tashkil etilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining ro‘yxati;
2023 yil 1-yanvardan boshlab vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazilgan holda tugatilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining ro‘yxati;
2023 yil 1-yanvardan boshlab tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgarayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, mazkur farmon doirasida shtat birliklarini maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarni hal etishga yo‘naltirilishi belgilandi.
Endilikda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining institutsional mustaqilligini oshirish maqsadida shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy tuzilmasi, shtat birliklari va rahbar o‘rinbosarlarining soni, shuningdek, faoliyat yo‘nalishlari belgilab beriladi. Bunda:
• markaziy apparat va hududiy bo‘linmalar tuzilmalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi;
• respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga ajratilgan mablag‘lar doirasida hamda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarning tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlash huquqi taqdim etiladi;
• respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga hududdagi ehtiyoj va sharoitlardan kelib chiqib, muayan viloyat yoki tuman (shahar) bo‘linmalarini tashkil etish yoki ularni tumanlararo (viloyatlararo) shaklda tuzish vakolati beriladi.
Shuningdek, ijro etuvchi hokimiyat organlari shtat birliklari, shu jumladan rahbar lavozimlarini 30 foizgacha maqbullashtiriladi va adolatli mehnatga haq to‘lash tizimi joriy etiladi.
Ma’muriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinayotgan ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur farmonda belgilangan yangi talablardan kelib chiqqan holda samarali faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Rahbarlarning moliyaviy va institutsional mustaqilligini oshirish orqali hududlar bilan ishlashning samarali tizimi joriy etiladi;
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining funksiyalarini tartibga solish orqali ular kamida 10 foizga qisqartiriladi, xususiy sektorga o‘tkaziladigan davlat funksiyalari soni kamida 3 barobarga oshiriladi, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlari keng joriy etiladi.