Toqayev yanvar voqealari qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikni ochdi

Yodgorlik fojiali voqealar markazi bo‘lgan joyda qurilgan. U bir necha qismdan iborat.
Sputnik
TOShKENT, 23 dek — Sputnik. 23 dekabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida 2022-yilning yanvar oyidagi fojia qurbonlariga bag‘ishlangan “Tag‘zim” (Ta’zim) yodgorligining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston xabar berdi.
Yodgorlikning ochilish marosimida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va shahar hokimi Yerbolat Dosayev ishtirok etdi.
Yodgorlik fojiali voqealar markazi bo‘lgan joyda qurilgan. Kompozitsiyani Aleksey Ivjenko boshchiligidagi Basire Design jamoasi loyihalashtirgan. Mualliflar me’moriy yechimiga ko‘ra, yodgorlik ko‘p bosqichli majmua bo‘lib, bir nechta zonalarga bo‘lingan.

“Kompozitsiya Satpayev ko‘chasi tomonidan boshlanib, yuqoriga ko‘tariladi: mamlakat boshdan kechirgan harakat kabi. Keyin “Qaңtar” (yanvar) sodir bo‘ldi - qora zona, qora dag‘al, gavjum stelalar, siz tezroq o‘tib ketishni xohlaysiz va ulardan o‘tganda o‘zingizni oq zonada ko‘rasiz –osmon aksi va pand-nasixat yozilgan oq vertikal, marmar stelalar hududi. Qora stelalarda o‘lim va qo‘rquv bilan bog‘liq so‘zlar yozilgan. Oq stelalarda xalqning birligi haqidagi so‘zlar bor”, - deydi me’mor, Basire Design burosi rahbari Aleksey Ivjenko Sputnik Qozog‘istonga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, har bir hududda qozoq xalqining taniqli vakillarining fikrlari yozilgan tosh va stelalar o‘rnatilgan.
Me’morning ta’kidlashicha, yodgorlik ustidagi ishlar taxminan 3-4 oy davom etgan. Bungacha tanlov e’lon qilingan, keyin dizayn davom ettirilgan. Yodgorlik ustida 8 kishi ishlagan.
Qurilishda tabiiy tosh ishlatilgan – qora stelalarda qora slanes, kulrang va qora granit hamda oq marmar. Asosan Kapal-Arasan va Tekeli konlari hududida ishlab chiqarilgan toshlar ishlatilgan.
Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Olmaota uchun kurashgan qahramonlar sharafiga panteon qurishni buyurgan edi. Davlat rahbari panteonga Qozog‘iston xalqi xavfsizligi uchun jonini fido qilganlarning nomlari bitilishini ta’kidladi.

Qozog‘istondagi tartibsizliklar

2022 yil yanvar oyi boshida Qozog‘istonning bir necha shaharlarida ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan edi. Ularda ishtirok etganlar politsiya va harbiylarga hujum qilishdi.
Prezident Qasim-Jomart Toqayev buni davlat to‘ntarishiga urinish deb atab, KXShTga yordam so‘rab murojaat qildi. Rossiya va KXShTga a’zo bo‘lgan boshqa davlatlar zudlik bilan Qozog‘istonga xavfsizlik kuchlarni yuborgan va ular muhim ijtimoiy obyektlarni qo‘riqlashga jalb etilgan edi. 7-yanvarga kelib vaziyatni izga solishga erishildi, 19-yanvar kuni butun mamlakat bo‘ylab joriy qilingan favqulodda holat bekor qilindi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, bu voqealar natijasida 230 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ziyod kishi jabrlangan.