TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Tadbirkorlarga gazlama, trikotaj mato eksportining transport xarajatlari qoplab beriladi. Bu haqda 22-dekabr kuni prezident tomonidan imzolangan farmonda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditlarni o‘z vaqtida so‘ndirib kelayotgan tadbirkorlik subyektlariga kreditning so‘ndirilgan qismiga mutanosib ravishda qo‘shimcha kreditlar ajratishga ruxsat etiladi.
2024 yil 1-yanvarga qadar Yevropa, Turkiya, Misr va Marokash davlatlariga gazlama, trikotaj mato mahsulotlarini eksport qilishda tashish xarajatlarining 70 foizini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston to‘qimachilik eksportini 4,3 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga tegishli topshiriq bergan. Unga ko‘ra, Yevropa, Turkiya, Misr, Marokashga gazlama, trikotaj mato eksportiga transport xarajatlari 2024-yil 1-yanvargacha 70 foiz qoplab beriladi.
Shuningdek, kamida 50 xil turdagi yangi tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish dasturi tasdiqlanadi. Yangi turdagi tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga 100 million dollar, gilamchilik uchun 50 million dollar yo‘naltiriladi.
Qolaversa, to‘qimachilik industrial zonalari infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi. Yil yakuniga qadar esa Turkiya, Eron, Belgiyadan texnologiya va mutaxassislar (dizayner va texnolog) olib kelinadi.