Yevropa kengashi rahbari Putin bilan aloqalarni saqlab qolish zarurligini aytdi

Belgiya bosh vaziri bo‘lgan vaqtimdan beri Putin bilan doimiy aloqada bo‘lganman, dedi Mishel.
Sputnik
TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel gumanitar muammolarni hal qilish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqalarni davom ettirish zarurligini ma’lum qildi.
“O‘ylaymanki, biz Putin bilan gaplashishimiz kerak, muloqotni davom ettirishimiz kerak. Belgiya bosh vaziri bo‘lgan vaqtimdan beri Putin bilan doimiy aloqada bo‘lganman”, dedi u.
Mishelning qo‘shimcha qilishicha, maxsus operatsiya boshlanganidan keyin ham uning Putin bilan aloqa kanallari mavjud va boshqa Yevropa yetakchilari – Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti bilan muntazam muloqotda bo‘lib turadi.
“O‘ylaymanki, gumanitar vaziyatni boshqarishga harakat qilish ushbu aloqa kanalini saqlab qolishga arziydi”, deya qo‘shimcha qildi u.
24 fevraldan beri Ukrainada maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning vazifasini “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan bezorilik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan.