Energetika vaziri O‘zbekistondan Xitoyga gaz yetkazib berish statistikasini izohladi

Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston va Xitoy statistika idoralarining gaz yetkazi berish bo‘yicha hisobotidagi farqning sababini tushuntirdi.
Sputnik
TOShKENT, 23 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy statistika idoralarining gaz yetkazib berish bo‘yicha hisobotidagi farq ikki davlatda hisob-kitob turlicha olib borilishi bilan bog‘liq. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.
“Tan olish kerak, ikki mamlakatning statistik hisobotlarida farq bor. Sababi, bizning statistikada faqatgina eksport qilingan gazning hajmi va uning summasi chiqqan bo‘lsa, Xitoy tarafi umuman O‘zbekistondan import qilingan tovar va mahsulotlar xizmatlarini inobatga olgan”, - deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Turkmaniston gazini ham Xitoyga yetkazishda ishtirok etadi.
“Va bu yerda O‘zbekistondan eksport qilingan gazdan tashqari, O‘zbekiston hududidan Turkmanistondan tortib Xitoygacha ketgan gaz quvuri bor. U yerda bizning hududda “Aziatransgaz” qo‘shma korxonasi bor. Ushbu korxona gaz transportini amalga oshirib beradi”, - deydi Mirzamahmudov.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududidan transport qilingan gaz va tranzit xizmatlari uchun to‘langan pulni qo‘shganda Xitoy statistikasi bergan raqam kelib chiqadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, 2022-yilning 11 oyida Xitoyga 910,9 mln dollarlik gaz yetkazib berilgan. Xitoy tomoni esa O‘zbekistondan qiymati 1,03 mlrd dollarlik gaz import qilingani haqida ma’lumot bergan.