Toshkent hokimligi aholini kvartira sotib olayotganda hushor bo‘lishga chaqirdi

Qurilish ishlari tugallanmagan xonadonlar xaridorlari Qurilish vazirligining elektron platformasida quruvchi kompaniya haqida o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni topishlari mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. So‘nggi paytlarda ayrim qurilish tashkilotlari qurilish loyihalari hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan tasdiqlanmagan va ekspertizadan o‘tmagan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotmoqda.
Natijada bunday xonadonlarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan fuqarolar turli muammolarga duch kelmoqda. Masalan, ular uy-joyni o‘z nomiga rasmiylashtirishda qiynalyapti. Bunday uylarni suv ta’minoti, gaz quvuri va elektr tarmoqlariga ulash mumkin emas. Hokimlik matbuot xizmati ana shunday turar-joy majmuasini misol qilib keltirdi.
Qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan tasdiqlanmagan va davlat ekspertizasidan o‘tmagan bo‘lsa-da, quruvchi Toshkent shahri, Taras Shevchenko ko‘chasi, 23 manzilida joylashgan DahO ko‘p funksiyali majmuasi loyihasida qurilishi rejalashtirilgan obyektlarni sotishni boshlagan”, - deyiladi xabarda.
Qurilish ishlari tugallanmagan xonadonlar xaridorlari Qurilish vazirligining elektron platformasida quruvchi kompaniya haqida o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni topishlari mumkin. Avvalo, uy ro‘yxatdan o‘tgan yoki yo‘qligini tekshirish kerak. Platformada siz kompleks nomi, quruvchi kompaniya nomi, manzili kabi ochiq ma’lumotlarni olishingiz mumkin.
Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
qurilish maydonchasidagi qurilish ishlarining holati bilan tanishish;
shartnoma shartlarining bajarilishi to‘g‘risida quruvchidan yozma ma’lumot so‘rash;
qurilishning borishini, shu jumladan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish.