O‘zbekiston va Qozog‘iston Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi

Tashrif doirasida jami 8 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolashdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-Qozog‘iston sammiti yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
"Ikki mamlakat yetakchilari tarixiy hujjatlar – Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida shartnoma va O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnomani imzolashdi", - deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari darajasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta hujjat qabul qilindi.
“Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risida;
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
Oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
2000 yil 7-iyuldagi Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketish shartlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma.
Strategik islohotlar, elektron savdoni rivojlantirish, o‘rmon xo‘jaligi, davlat xizmati sohalarida memorandumlar;
Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qizilo‘rda, Jizzax va Turkiston viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari;
Energetika, kimyo sanoati, transport va logistikada loyihalar amalga oshirish bo‘yicha bitimlar.
Tashrif doirasida jami 8 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ikki mamlakat hamkorligini ittifoqchilik munosabatlari darajasiga olib chiqishni nazarda tutadi..
Unda oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar mexanizmini takomillashtirish, ikki tomonlama munosabatlar masalalari va o‘zaro manfaatli dolzarb xalqaro muammolar yuzasidan muntazam fikr almashish va pozitsiyalarni kelishish ko‘zda tutilgan.
Shartnomaga ko‘ra, tomonlar bir-biriga qarshi qaratilgan kuch ishlatish yoki tahdid qilishdan bosh tortish majburiyatini tasdiqlaydilar.
Global va mintaqaviy miqyosda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, zamon chaqiriqlari va tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida o‘zaro hamkorlik qiladilar.
1 / 3
2 / 3
3 / 3