Joriy hafta Xalq ta’limi vazirligi tizimida “Dolzarb haftalik” deb e’lon qilindi

“Dolzarb haftalik” davomida fuqarolar murojaatlari hal etish hamda qator muammolarni bartaraf etish ishlari olib boriladi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Joriy hafta Xalq ta’limi vazirligi tizimida “Dolzarb haftalik” deb e’lon qilindi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining navbatdagi Hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda kelgusi yildan boshlab maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishi borasidagi prezidentning fikrlari bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, o‘qituvchilar maqomini oshirish va pedagoglarni o‘z vazifasiga aloqador bo‘lmagan turli ishlarga jalb etish, ular zimmasiga ortiqcha vazifalar yuklash borasida vazirlik tomonidan keskin choralar ko‘rilmoqda.
“Vazir fuqarolar murojaatlarini hal etish hamda yuqorida keltirib o‘tilgan qator muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Dolzarb haftalik” deb e’lon qilish, har bir tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari qoshida bir hafta muddatda “Call-markaz” tashkil etish topshirig‘ini berdi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bu yil fuqarolar murojaatlari soni o‘tgan yilga nisbatan 2000 taga kamaygan. Vazirlik “Call-markaz”lariga hozirga qadar 60000 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan hamda ularda keltirilgan masalalar tezkor o‘rganib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.