Dehqonobod kaliy zavodi “Uralxim” bilan hamkorlikni yanada kengaytiradi

Dehqonobod kaliy zavodi Markaziy Osiyodagi yirik kaliy ishlab chiqarish korxonasi sanaladi.
Sputnik
TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod kaliy zavodi Rossiyaning “Uralxim” kompaniyasi bilan hamkorlik yanada kengaytirmoqda. Bu haqda zavod boshqaruv raisi Rahmat Usarov jurnalistlar uchun uyushtirilgan press-tur chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Bu zavod mamlakatdagi va Markaziy Osiyodagi yirik kaliy ishlab chiqarish korxonasi. Joriy yilda 331,1 tonna kaliy ishlab chiqardi.
Zavodning ilk loyihasi 2010-yilda Rossiyaning ZUMK-Injiniring va Xitoyning “SITIC”kompaniyasi investitsiyasi asosida qurila boshlangan. Bugungi kunga kelib zavod xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.
Rossiyaning “Uralxim” OXK AJ kompaniyasining zamonaviy texnologiyalari asosida ruda qazib chiqarish jarayonlari, kombayn kompleksining kon-kapital ishlari sifatli tashkillashtirilgan.
“Rossiyaning “Uralxim” kompaniyasi bilan hamkorlik yanada kengaytirilmoqda. Endi amaliy va nazariy yo‘nalishlarda tajriba almashamiz. Bunda ishlab chiqarish miqdorini oshirish, chiqindilarni kamaytirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish malakasi o‘rganiladi”, - dedi zavod boshqaruv raisi Rahmat Usarov.
Hamkorlikda geofizik tadqiqot ishlarini olib borish uchun JORC standartlari asosida skvajinalar qazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, zavodda kaliy xloridni ajratib olishda reagentini tayyorlash uchun qo‘llanuvchi suyuq parafin ham ishlab chiqarilmoqda.
1 / 3
2 / 3
3 / 3
Zavodda ishlab chiqariluvchi kaliy xlorid - och qizil rangdagi mayda kristall bo‘lib, qishloq xo‘jaligida asosiy o‘g‘it sifatida yerni haydash va yumshatishda ishlatiladi.
2022 yilda 78,3 tonna kaliy xlorid o‘g‘iti eksport qilindi, ichki bozorda 244,4 tonna kaliy xlorid yetkazib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, sentabr boshida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev “Uralxim” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, kimyo sanoati sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning istiqbollarini muhokama qilgan edi.