O‘zbekiston va Qozog‘iston 3 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirapti – Xo‘jayev

O‘zbekiston va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi sohasida aniq sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalari bo‘yicha alohida "yo‘l xaritasi" qabul qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 21 dek — Sputnik. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ortiq o‘sdi va joriy yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich 5 milliard dollarga yaqinlashadi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston va Qozog‘iston tadbirkorlari biznes-forumida aytib o‘tdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1 200 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Bu besh yil avvalgi ko‘rsatkichdan deyarli 6 barobar ko‘p. Faqatgina joriy yilning 9 oyida 130 qo‘shma korxona tashkil etilgan.
“Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda”, - deydi Xo‘jayev.
Xususan, qurilish sohasida:
“Eurasian Resources Group” bilan elektr stansiyalari (1,5 mlrd. dollar);
Qorajira koni yaqinidagi IES (900 mln. AQSh dollari);
“PiTiSi Holding” bilan multimodal transport-logistika markazi (300 million AQSh dollari);
“Kazfosfat” bilan fosforli va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish (1,3 mlrd. dollar);
“maishiy texnika ishlab chiqarish (55 million dollar),
avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish (50 mln. dollar);
keramik plitkalar ishlab chiqarish (40 million dollar) va boshqalar.
“Yaqin orada yangi tashabbuslarni amalga oshirishni boshlaymiz”, - dedi Xo‘jayev forumda.
Jamshid Xo‘jayevning aytishicha, yaqin kunlarda O‘zbekiston va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi sohasida aniq sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalari bo‘yicha alohida "yo‘l xaritasi" qabul qiladi.