G‘arb Rossiya ustidan g‘alabani kafolatlaydigan texnologiya yaratdi
Rossiya va uning maxsus operatsiyasi G‘arb qiyinchiliklarining sababchisi emas. U shunchaki o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy tizimining obyektiv yo‘q bo‘lishiga olib keldi.
SputnikUkrainadagi voqealar atrofida, menimcha, yangiliklarni kuzatib boradiganlar e’tibor qaratgan bo‘lsa kerak: G‘arb to‘xtovsiz va juda faol ravishda mojarodagi g‘alaba va mag‘lubiyatini muhokama qilmoqda. Siyosatchilar va rasmiylar ham, ekspertu jurnalistlar harbiylaru iqtisodchilar, energetika bo‘yicha mutaxassislar – bu bilan shug‘ullanishapti.
Eng qizig‘i, bunda mutlaqo qarama-qarshi fikrlar bildirilmoqda. Kimlardir Rossiyaning g‘alabasi muqarrarligi va u allaqachon g‘alaba qozonib bo‘lganini aytishmoqda. Boshqalar esa Moskva tor-mor bo‘layotgani, va buning natijasida u kollektiv G‘arb taklif qilgan kapitulyatsiya shartlariga rozi bo‘lishga majburligi haqida gapirmoqda. Aynan xuddi shu nuqtayi nazarni Genri Kissindjer o‘zining yaqindan chop etilgan maqolasida keltirib o‘tgan.
Amaldagi siyosatchilar orasida ham shunday kelishmovchiliklar. Kimdir Kiyevni moliyalashtirishni to‘xtatishni talab qilayotgan va buning bema’niligini aytayotgan bo‘lsa, qarshi tomon Rossiyaning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, qolaversa, uning mag‘lubiyatiga oz qolganiga ishontirapti.
Barchasi o‘z pozitsiyasini u yoki bu dalillar bilan mustahkamlashni istaydi. Aslida, keltirilayotgan dalillarni yaxshi tahlillarga arzigulik. Ammo bundan ham qizig‘i, ushbu qizg‘in bahslarning g‘arb siyosatida va axborot maydonida paydo bo‘lganida.
NATO AQSh rahbarligida butun dunyoda o‘nlab yillar ko‘plab, jumladan, uzoq davom etgan harbiy kampaniyalar olib bordi. Ba’zida OAVda Iroq yoki Afg‘onistondan ketish kerakligi haqida fikrlar paydo bo‘lib qolar edi. Ammo bu ovozlar shu qadar kuchsiz va marginal ediki, ular jamoatchilik fikriga ham, davlat pozitsiyasiga ham ta’sir qilmas edi.
O‘sha Afg‘onistonni ham Vashingtonda ushbu uzoq davom etgan imkonsiz vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo‘li bo‘ladi, degan yashirin konsensus paydo bo‘lgach, AQSh uni tark etdi. Ammo bu borada G‘arbning g‘alaba yoki mag‘lubiyat haqida bahs yuritishga moyilligi yo‘q edi.
Aslida, o‘sha g‘alaba yo‘q edi: sababi NATOning yigirma yillik afg‘on operatsiyasi amerikaliklarning ham yevropaliklarning ham hayotini o‘zgartirmagandi. Operatsiya davom etayotganda ular buni his qilishmagan, aslida ittifoqchilarning ushbu mamlakatdan chiqib ketishi, qanchalik sharmandali bo‘lmasin, hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi.
Ushbu fenomen NATOning yarim asrlik har bir harbiy kampaniyalariga taaluqli. Amerikaliklar chindan ham harakat qilgan Vyetnam urushi oxirgisi edi. Qolgan barchasi - Iroq, Yugoslaviya, Afg‘oniston, yana Iroq, Suriya va boshqalar – G‘arb aholisi uchun televizor ekranlarida rangli suratlardan ortiq hech nima emas edi. U yerda professionallarning juda kam qismi (shartnoma bo‘yicha yollanganlar va xususiy harbiy kompaniyalar), boz ustiga ular anchayin kuchsiz raqiblar bilan jang qilishgan, bu harbiy harakatlar sur’ati va yo‘qotishlarda ham o‘z aksini topgandi. G‘arb iqtisodiyoti ushbu urushdan nafaqat zarar, balki undan ko‘p foyda ko‘rgan ham (afg‘on narkotiklari, Iroq va Suriya nefti), bularning barchasi Atlantika okeani ikki tomonining oddiy fuqarolarigacha ta’minladi.
Shunday ekan, g‘arb jamiyatining harbiy tomoshalarga jim qarab turgani, elitalar esa bunga katta qiziqish va g‘ayrat bilan kirishgani hayratlanarli emas.
Biroq Ukrainaga kelib hamma o‘rgangan sxema buzildi. Tom ma’noda.
Bir tomondan G‘arbning to‘laqonli proksi-urush, qolaversa, ancha katta va qudratli raqib bilan jang qilish orzusi ushaldi. AQSh har doim ko‘plab qurolli to‘qnashuvlarga o‘zi aralashishga majbur bo‘lgan, chunki ularning mahalliy ittifoqchilari, hatto amerikaliklar tomonidan o‘qitilgan va qurollanganlari ham kerakli darajada jangovar qobiliyatni namoyish eta olmagan. AQSh armiyasining bevosita ishtirokisiz istalgan natijaga erishish mumkin emas bo‘lgan. Xususan, Afg‘onistondagi NATO tomonidan tayyorlangan qurolli kuchlar g‘arbning yordamisiz qolib ketib, toliblardan ura solib qochgani bunga yaqqol misol bo‘lib qoldi.
Ukrainlar esa dunyodagi eng yirik ikkinchi armiyaga qarshi kurashib o‘zlarini ajoyib askar sifatida namoyish etdi. G‘arb esa ayg‘oqchilik, aloqa, moliyalashtirish, qurollar yetkazib berish, harbiy instruktorlar, yollanma askarlar masalasini o‘z zimmasiga oldi.
Tan olish kerak, bu chindan ham amerikalik strateglar uzoq vaqtdan buyon ishlab chiqqan harbiy-siyosiy texnologiya edi. Ammo uni amalga oshirish faqat muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgandi. Bunda esa va nihoyat hammasi o‘xshadi – boz ustiga uchinchi dunyoning qandaydir mamlakatiga emas, Rossiyaga qarshi. Tabiiyki, buning nashidasida osmonda uchib yurgan ko‘plab g‘arblik mutaxassislar g‘alabani naqd deb o‘ylaydi va oxirigacha kurashish kerak deb hisoblaydi
Boshqa tomondan esa, bu “muvaffaqiyatning” jiddiy “qarshi ta’sirlari” ham bor: yuqorida aytib o‘tilgan yarim asrda birinchi marta G‘arb urush davridagi qiyinchiliklarni eng qisqartirilgan shaklda bo‘lsa ham his qilib ko‘rdi. Bu uning uchun mojaroning proksi xususiyatini hisoblaganda juda alamli. Necha yillar davomida bir o‘zi kimlar bilan urushmadi deysiz. Ammo bu hech qachon Yevropaga ham, okean ortiga ham hech ta’sir qilmagan edi. Hozir esa bir qarashda ukrainlarning qo‘li bilan harakatlanayotgandek, ammo negadir ijtimoiy- iqtisodiy vaziyat ularning o‘zlarida yomonlashib bormoqda. Oddiy yevropalik va amerikalik “tajovuzkor Rossiyaga qarshi kurash” u uchun nihoyatda qimmatga tushayotganini o‘z xamonidan his qilmoqda. Uy va ishxonalar esa kundan kunga sovib borapti.
Albatta, Rossiya va uning maxsus operatsiyasi G‘arb qiyinchiliklarining sababkori emas - u shunchaki o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy tizimining obyektiv yo‘q bo‘lishiga olib keldi. Bundan tashqari, maxsus operatsiya inqirozni keltirib chiqargan sabab ham emas. Buni G‘arb maxsus operatsiyaga munosabati bilan, mamlakatimizni birgina sanksiya zarbasi bilan yakson qilaman deb, shunga olib keldi.
G‘arb siyosatchilari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida o‘z fuqarolari ongiga Moskva va Putinning shaxsan o‘zi halokatlari kuchayishining sababchi ekanligini uqdirishmoqda. Menimcha, avvaliga bu o‘zidan ma’suliyatni soqit qilish uchun yaxshigina tuzoq bo‘lgan. Biroq bunda Ukraina G‘arbning yordami bilan Rossiya ustidan tezda g‘alaba qozonishi – hammasiga joyiga tushishi va hatto avvalgidan yaxshi bo‘lishi nazarda tutilgan.
Agar ushbu rejalar amalga oshganda bu sodir bo‘lar ham edi.
Ammo nimadir o‘xshamadi. Maxsus operatsiya o‘z yo‘liga davom etmoqda. “Jahannamiy” sanksiyalar Rossiyaga nafaqat xavfli, hatto aytarlik jiddiy zarar yetkazgani yo‘q. Dunyoning qatta qismi G‘arb – Rossiya to‘qnashuvida Rossiya uchun muxlislik qilishini ham yashirmaydi. Dunyo iqtisodiyoti dollardan voz kechmoqda va yangi, G‘arb nazoratidan holi asoslarda yaratilmoqda.
Albatta, Rossiyada ham hammasi silliq emas. Atlantika “qirg‘iy”larining ham o‘z so‘nggi ukrain askari qolguniga urushni davom ettirish pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun aytadigan jiddiy dalillari bordek. Ammo hammasi shunday bo‘lyaptiki, Ukraina yanada ko‘proq pul, vosita, qurol, yollanma askar tortayotgan qora tuynukka aylanib bormoqda. Va buning oxiri ham ko‘rinmaydi. Istalgan natija esa ufqqa o‘xshaydi: bir qarasang, mana u juda yaqin turibdi, ammo qancha harakat qilma, u yetib bo‘lmasdek.
Bundan ham yomoni, Yevropa va AQShning bu mojaroga aralashuvi tobora jiddiylashib bormoqda. “Proksi” old qo‘shimchasi ham ahamiyatini yo‘qotib bo‘ldi. Bunga parallel ravishda G‘arbda odamlar hayoti yanada qiyinlashmoqda.
Natijada esa, uzoq yillardan buyon ilk marotaba G‘arbda urush mavzusi atrofida jiddiy kelishmovchiliklar paydo bo‘ldi. Aslida nima bo‘lyapti, va AQSh hamda uning ittifoqchilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyuk yadroviy davlat bilan ochiq harbiy to‘qnashuvga olib keladigan yo‘lda davom ettirish kerakmi degan mavzusida ommaviy bahslarga moyillik boshlandi.