TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (BDKI) Toshkent filiali va Turon universiteti o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Kinematografiya agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, shunday nufuzli oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik BDKI Toshkent filiali uchun ham o‘zaro manfaatli jarayon hisoblanadi.
Turon eng yaxshi ta’lim muassasasi sifatida Qozog‘iston prezidentining “Altin sapa” mukofoti sohibi hisoblanadi. Ayni vaqtda oliygohda 361 nafar shtatdagi o‘qituvchilar, jumladan, 56 nafar fan doktori, professor, 215 nafar fan nomzodi va dotsentlar faoliyat yuritadi.
Ulardan tashqari o‘quv jarayonida 50 dan ortiq yuqori malakali amaliyotchi, olimlar, o‘qituvchilar mashg‘ulot olib boradi.
Universitetda 31 ta bakalavriat, 16 ta magistratura, 6 ta PhD doktorantura yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. Uning tarkibiga o‘nga yaqin kafedralar, jumladan, Kino va televidenie akademiyasi kiradi.