TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Abituriyentlarga uchtagacha akademik litseyga hujjat topshirishga ruxsat beriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ishlab chiqqan hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tishda uchtagacha akademik litseyning ta’lim tili bir xil bo‘lgan bittadan mos yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi.
Abituriyent o‘zi tanlagan hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazi yoki Toshkent shahrida) tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi.
Hujjat qabul qilinsa, umumiy o‘rta maktab 9-sinf bitiruvchilarini akademik litseylarga o‘qishga qabul qilish tartibi takomillashadi, imtihon test sinovlari Davlat test markazi tomonidan adolatli, shaffof tarzda o‘tkaziladi.
O‘quvchilarning o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash, o‘qishdan chetlatish tartibi qat’iy belgilab qo‘yiladi.
Shuningdek, akademik litseylarga iqtidorli o‘quvchilar saralab olinadi. O‘qitish sifati va samaradorligi oshadi.
Eslatib o‘tamiz, akademik litseylarga kirish test sinovlari ta’lim yo‘nalishiga mos 2 ta fan va intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladi.