TOShKENT, 20 dek — Sputnik. Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkaziladi, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatida.
“Endi, tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish bo‘yicha ozmuncha harakat qilayapmiz-mi? Bundan buyon, mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi”, - dedi prezident.
U tergov sifatini oshirish bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘rilishini qo‘shimcha qildi. Xususan, tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak.
“Shu bilan birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi”, - deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi. Xususan, endi sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinadi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy etiladi.
Prezident ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha holatlarga ham e’tibor qaratdi.
“Oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda. Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi”, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Uning qayd etishicha, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi o‘rnatiladi.
Yil yakunida prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi - mamlakat hayotida muhim voqeadir.Murojaatnomada yilning asosiy ko‘rsatkichlari, erishilgan yutuqlar hamda oldinga qo‘yilgan maqsad va vazifalar belgilab olinadi. Shuningdek kelayotgan yangi yilning nomi ham e’lon qilinadi.
O‘zbekistonda har bir yilni hayotning ma’lum bir sohasiga bag‘ishlash an’anasi 1997-yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev ushbu an’anani 2018-yildan buyon davom ettirib kelmoqda. O‘tgan yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar hamda ijtimoiy rivojlanish, ilm-fan va raqamli iqtisodni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash hamda inson manfaatlarini ta’minlashg va mahallani mustahkamlash kabi ezgu maqsadlar qo‘yilgan edi.