Magistraturaga qishki qabul boshlanmoqda

Da’vogarlar 20-dekabrdan 2023-yil 10-yanvarga qadar elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 20 dek — Sputnik. O‘zbekistonda 2022/2023-o‘quv yili uchun magistratura qishki qabuli boshlanmoqda. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlar 2022-yil 20-dekabrdan 2023-yil 10-yanvarga qadar (shu kuni ham) magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Tanlov natijalari bakalavriat diplomining o‘rtacha ballari asosida aniqlanadi.
Ma’lumot uchun, Davlat qabul komissiyasi qaroriga binoan, istisno tariqasida faqat ushbu 2022/2023-o‘quv yili magistratura qishki qabulida xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar sertifikati borlar hujjat topshirishiga ruxsat berilgan.
Muhim jihati o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishi davomida belgilangan tartibda talab etilgan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritishi lozim. Aks holda yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat etilmaydi.
Milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Magistraturaga kirolmaganlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratildi