Gaz zaxiralarini ko‘paytirish uchun 10-yillik dastur qabul qilinadi – prezident

Gazni avval yetib borilmagan nuqtalardan qazib olish boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 20 dek — Sputnik. Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida, geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘n yillik dastur qabul qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida aytib o‘tdi.
“Yangi texnologiyalarni joriy etib, ilk bor chuqur qatlamlarda (6 kilometrdan ko‘p) gaz qazib chiqarish ishlarini boshlaymiz. Hech qachon 6 kilometrdan pastga tushmaganmiz. Endi tushapmiz, imkoniyat katta, gaz bor. Lekin uni qazib olish qimmat”, - dedi prezident Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, Usturtning yuqori istiqbolga ega chuqur qatlamlarida qidiruv ishlariga nufuzli xorijiy investorlar jalb qilinadi.
Shuningdek, prezident gaz qazib chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqilishi, samarasiz ishlayotgan korxonalar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini qo‘shimcha qildi.
Yil yakunida prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi - mamlakat hayotida muhim voqeadir.Murojaatnomada yilning asosiy ko‘rsatkichlari, erishilgan yutuqlar hamda oldinga qo‘yilgan maqsad va vazifalar belgilab olinadi. Shuningdek kelayotgan yangi yilning nomi ham e’lon qilinadi.
O‘zbekistonda har bir yilni hayotning ma’lum bir sohasiga bag‘ishlash an’anasi 1997-yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev ushbu an’anani 2018-yildan buyon davom ettirib kelmoqda. O‘tgan yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar hamda ijtimoiy rivojlanish, ilm-fan va raqamli iqtisodni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash hamda inson manfaatlarini ta’minlashg va mahallani mustahkamlash kabi ezgu maqsadlar qo‘yilgan edi.