TOShKENT, 20 dek - Sputnik. Ekin urug‘larini sertifikatlash reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga muvofiq, urug‘larni sertifikatlash uchun davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali, shuningdek O‘zagrosanoatinspeksiyaga ariza beriladi.
Sertifikatlash uchun urug‘lar turidan kelib chiqib BHMning 7 baravaridan 20 baravarigacha (2,1 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha) yig‘im undiriladi.
O‘zagrosanoatinspeksiya sinov bayonnomasi va tahlil natijalari hamda hujjatlarni ko‘rib chiqqanidan so‘ng mahsulotga muvofiqlik sertifikati beradi yoki rad etadi.
“Sertifikat berish muddati barcha hujjatlar taqdim qilingan va sinov natijalari yakunlanganidan so‘ng 3 ish kunidan oshmasligi kerak”,- deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari qaror bilan quyidagi tartiblar tasdiqlandi:
- urug‘lik paxta chigitini uslubiy tahlil qilish va tuproqda nav tozaligini baholash;
- donli ekinlar urug‘larini uslubiy tahlil qilish va tuproqda nav tozaligini baholash;
- urug‘lar, dukkakli, moyli ekinlar va boshqa don ekinlarini qayta ishlashni sertifikatlash.