TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Yevropa Ittifoqining gaz uchun yuqori narx belgilash bo‘yicha tashabbusi bozor qonunchiligiga zid va ularning inqiroziga olib keladi, dedi Rossiya TIVning maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Yuriy Senturin RIA Novosti agentligiga.
“Bu borada turli aqlbovar qilmas g‘oyalar bo‘lishi mumkin, bular, albatta, bozorga oid deb tasniflanmaydigan chora-tadbirlardir. Bular bozorga qarshi vositalardir. Menimcha, bularning barchasi bozorlarning tanazzulga uchrashi kabi noxush oqibatlarga olib keladi. Xalqaro huquqni rad etish, buzishdir”, - deydi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tashabbuslar bozorni beqarorlashtiradi, mavhumlik darajasini oshirib yuboradi.
Bugun Yevropa Ittifoqi davlatlari energetika vazirlari tabiiy gaz uchun yuqori narx belgilash masalasini muhokama qilishi kutilyapti.
Noyabr oyida Yevropa komissiyasi gaz narxidagi kuchli o‘sishni ushlab turish uchun bozorni boshqarishning vaqtinchalik mexanizmini ishlab chiqdi. Mexanizm ishga tushirilganda bir MVt soat gaz narxi 275 yevrodan yuqori bo‘lganda tranzaksiyalar amalga oshirilmaydi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arbning Rossiya energiya resurslari narxini cheklash g‘oyasini izohlar ekan, agar bu o‘z manfaatlariga zid bo‘lsa, Moskva xorijga hech narsa yetkazib bermasligini aytdi.
Ma’lumot o‘rnida, 5-dekabr kuni Rossiya neftini Yevropa Ittifoqiga dengiz orqali yetkazib berishga embargo kuchga kirdi. Yevropa Ittifoqi davlatlari 2-dekabrda, shuningdek, dengiz orqali yetkazib beriladigan Rossiya neftining barreliga sozlanishi mumkin bo‘lgan yuqori narxni ham kelishib oldilar. Xuddi shunday qaror G7 davlatlari va Avstraliya tomonidan ham qabul qilindi.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak, o‘z navbatida, neft narxining yuqori chegarasini joriy qilishni taqiqlash mexanizmlari ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Moskva kerak bo‘lsa, ishlab chiqarishni qisqartirishga tayyor. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, G‘arb o‘z cheklovlari bilan bozor mexanizmlariga aralashmoqda, Moskva esa faqat bozor shartlarida ishlashga tayyor bo‘lgan iste’molchilarga neft yetkazib berishga tayyor.