Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya oshirilishi kutilmoqda

2022 yil budjetidan bog‘chalarga, issiqlik ta’minoti tarifi kompensatsiyasi va boshqa maqsadlar uchun qo‘shimcha subsidiya ajratish rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Yil oxiriga kelib 2022-yil Davlat budjetiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida masala ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Quyi palataga Vazirlar Mahkamasi kiritgan qonun loyihasi ko‘ra, 2022-yil budjetidan:
davlat-xususiy sherikchiligi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha subsidiyalar ajratish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi – 407,1 mlrd so‘m;
issiqlik ta’minoti bo‘yicha aholiga past darajali tariflar qo‘llanishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni qoplash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi – 404,7 mlrd so‘m;
eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imi harajatlariga Davlat budjetidan mablag‘ ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga – 224,5 mlrd so‘m;
hududlarda zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida keyinchalik mahalliy budjetlarga qayta taqsimlash uchun Moliya vazirligiga qo‘shimcha 1 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Davlat budjetidan utilizatsiya yig‘imi uchun so‘ralayotgan 224,5 mlrd so‘m ikkita mahalliy ishlab chiqaruvchiga beriladi. Bular:
“UzautoMotors” AJga – 137,5 mlrd so‘m;
“SamAvto”ga – 87 mlrd so‘m.
Rasul Kusherboyev utilizatsiya yig‘imi kimlarga va qanday maqsadlarda ishlatilayotgani, “UzautoMotors" AJ utilizatsiya yig‘imini to‘layotgani mavhumligicha qolayotgan bir vaqtda Davlat budjetidan utilizatsiya yig‘imi harajatlariga 224,5 mlrd so‘m ajratish so‘ralishi mantiqsizlik degan fikrni bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, eksport qilinayotgan avtomobillar uchun xorijdagi utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha xarajatlarni davlat budjetidan kompensatsiya qilishga amaldagi budjet qonuni bo‘yicha 2022-yilda 100 mlrd so‘m yo‘naltirish belgilagandi.